TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor Mir-Akbar Rahmonqulov 74 yoshida vafot etdi.
Ma’lum qilinishicha, u kasallikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Mir-Akbar Rahmonqulov 1952-yil 5-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1975-yilda Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetini tamomlagan.
1980–1990 yillarda komsomol tizimi va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Keyinchalik O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori bo‘lgan.
1997–2014 yillarda mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi va prezident davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan. 2000-yildan parlament deputati, 2020-yildan Oliy Majlis Senati a’zosi edi.
Oliy Majlis Senati marhumning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Ko‘p yillik mehnati davomida Mir-Akbar Rahmonqulov sud-huquq tizimi va qonunchilikni takomillashtirishga munosib hissa qo‘shgan. Vatan oldidagi xizmatlari uchun u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “II darajali Shon-sharaf” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.