Agalarov: eskrou tizimi “Sea Breeze”da 10 mlrd dollarlik kredit yukini keltirishi mumkin

Agalarovga ko‘ra, "Sea Breeze" loyihasida eskrou modeli joriy etilsa, taxminan 10 mlrd dollarlik kredit yuki yuzaga kelishi mumkin. U erkin iqtisodiy zona masalasini ham tilga oldi.
Sputnik
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Chorvoq suv omborida rejalashtirilgan, 10–20 yillik istiqbolga mo‘ljallangan "Sea Breeze" kabi kompleks hududiy rivojlantirish loyihasida eskrou-hisob orqali moliyalashtirish mexanizmi katta kredit yukini keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda loyihani amalga oshiruvchi “Agalarov Development” kompaniyasi egasi Emin Agalarov RIA Ko‘chmas mulk agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, eskrou mexanizmi qo‘llanilganda taxminan 10 milliard dollar miqdorida qarz mablag‘lari talab etiladi. Bu esa 17–25 foizlik kredit stavkalari sharoitida loyihaning moliyaviy yukini sezilarli oshirishi mumkin.
Agalarovning ta’kidlashicha, aynan eskrou orqali hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy talab “Agalarov Development”ni Rossiyadagi yirik turar-joy loyihalariga sarmoya kiritishdan tiyib turibdi.
Eskrou nima?
Eskrou tizimida xaridorlar mablag‘lari bankdagi maxsus hisobda saqlanadi va obyekt foydalanishga topshirilgandan keyin developerga o‘tkaziladi. Mexanizm xaridorlarni himoya qilishga qaratilgan.
Erkin iqtisodiy zona ehtimoli
Investor loyiha doirasida erkin iqtisodiy zona yaratilishi ehtimoli haqida ham fikr bildirdi.
“Chorvoqda, 560 gektar maydonda 5 million kvadrat metr ko‘chmas mulk qurilishini nazarda tutuvchi yirik developerlik loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Bunday hajmda biz davlat bilan alohida shartlar bo‘yicha muzokaralar olib boramiz. Dunyoning turli mamlakatlarida bunday erkin zonalar sanoat va uy-joy loyihalari uchun mavjud — bu odatiy amaliyot,” — dedi Agalarov.
300 million dollar va 10-yillik qaytarish
Uning aytishicha, 2025-yil avgust oyida respublika Vazirlar Mahkamasi loyihani amalga oshirish bo‘yicha qarorni tasdiqlagan. Loyiha jamoatchilik eshituvlaridan ham o‘tgan, unda "Sea Breeze"ning ekologik jihati muhokama qilingan.
Agalarov Chorvoq suv ombori Toshkentni ichimlik suvi bilan ta’minlashini ta’kidlab, aholining suv tozaligi bo‘yicha xavotirlariga tushunish bilan qarayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat Chorvoqdagi tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish uchun 300 million dollar sarmoya kiritadi. Investor esa ushbu mablag‘larni 10-yil davomida sotilgan har bir kvadrat metr uchun to‘lanadigan infratuzilma yig‘imi orqali budjetga qaytaradi.
Tadbirkorning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan kelishuv imzolangandan so‘ng, "Sea Breeze" loyihasini amalga oshirishni darhol boshlashga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra erkin iqtisodiy zona — maxsus iqtisodiy zonalarning bir turi bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati uchun alohida huquqiy rejim va maxsus shart-sharoitlar joriy etiladigan hudud hisoblanadi.
Bo‘stonliqda “Sea Breeze Uzbekistan” bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi