TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Bu yil UzBuild 2026 — 27-O‘zbekiston xalqaro qurilish ko‘rgazmasi va Qurilish-interyer haftaligining markaziy tadbirida 22 ta mamlakatdan 450 ta kompaniya va brend ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalari ham bor, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi rahbari Ilos Rahimov bunday maydonlar ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyat yaratishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma loyihalarga qiziqish yuqori bo‘lib, bu iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklikni Rossiya hududlari bilan ham kengaytirish istiqbolini ochadi.
"Rossiya eksport markazi" AJ vakili Yevgeniy Shelginskixning aytishicha, Toshkentga Rossiyaning 10 ta hududidan, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk va Ulyanovsk viloyatlaridan 12 ta kompaniya olib kelingan. Rossiyalik ishlab chiqaruvchilar "Made in Russia" yagona brendi ostida fanera va yog‘och materiallaridan tortib innovatsion yechimlar va premium mebellargacha bo‘lgan mahsulotlarni taqdim etdilar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya eksport markazi uchun asosiy va strategik muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
"Biz har ikki mamlakat biznesiga bir-birini topishda yordam beramiz, hamkorlarni tekshiramiz va kompaniyalarga eksport g‘oyasidan tortib O‘zbekistonga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda hamrohlik qilamiz. Moliyaviy xizmatlar orasida to‘lovni kechiktirish sug‘urtasi, nomoliyaviy xizmatlar orasida esa ishonchli hamkorlarni topish eng ko‘p talabga ega", — dedi Shelginskix.
Bugungi kunda Rossiya eksport markazi kompaniyalarga eksport g‘oyasidan tortib O‘zbekistonga real yetkazib berishgacha bo‘lgan deyarli barcha bosqichlarda hamrohlik qilmoqda. Moliyaviy xizmatlar orasida to‘lovni kechiktirish sug‘urtasi, nomoliyaviy xizmatlar orasida esa ishonchli hamkorlarni topish eng talabgor hisoblanadi.
Ko‘rgazma maydoni qurilish materiallari va qurilish texnologiyalari bo‘limlarini birlashtiradi. Ekspozitsiyaning katta qismini "Made in Russia" milliy stendi egallagan bo‘lib, unda Rossiya kompaniyalari qurilish jarayonlarini tezlashtirish va arzonlashtirish imkonini beruvchi zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, infratuzilma va tijorat loyihalari uchun yechimlar hamda texnologik ishlanmalarni taqdim etmoqda.
Ko‘rgazma tashkilotchilari — "Iteca Exhibitions" xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkorlari "ICA Eurasia Group" hamda "Congresses of Central Asia — CCA".
Batafsil — Sputnik O‘zbekiston videosida.