Mirziyoyev Kallibek Kamalov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Kallibek Kamalov 100 yoshida vafot etdi. Marhumning yurt ravnaqiga qo‘shgan xizmatlari va insonparvar fazilatlari hamdardlik matnida alohida qayd etildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli mehnat faxriysi Kallibek Kamalov shu yil 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Narbayeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Sardor Turdiyev hamdardlik bildirdi.
Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi.
Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.
Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Kamalov Qoraqalpog‘iston kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar 1959–1963 yillarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984 yillarda Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli soha va tarmoqlarda ishni zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish borasida fidokorona mehnat qildi.
Kallibek Kamalov 1984–1986 yillarda iste’dodli diplomat sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘istonni har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Kallibek Kamalov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib keldi.
Kallibek Kamalov “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

"Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Kallibek Kamalovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi", - deyilgan hamdardlik matnida.

Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi