TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekistonda xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlarini xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida taqsimlash tartibi belgilandi. Tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu Nizom Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlarini xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida ochiq tanlov yo‘li bilan taqsimlash tartibini belgilaydi.
Agentlik xorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron platformada e’lon qiladi.
Bu haqida xususiy bandlik agentliklarining elektron platformadagi shaxsiy kabinetlariga avtomatik ravishda xabarnoma yuboriladi.
Kvotalar to‘g‘risidagi e’lon muddati 5 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xususiy bandlik agentliklari kvotalar to‘g‘risidagi e’lon joylashtirilgan kundan boshlab undagi belgilangan muddat tugagunga qadar ariza yuborishlari mumkin.
Kvotalar arizasi ijobiy qabul qilingan xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida teng taqsimlanadi.