TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksina olganlar saratonga chalinishi mumkinligi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabar berilishicha, xususan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov vaksinalar inson genomiga salbiy ta’sir qilmasligi ilmiy jihatdan isbotlanganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, emlangandan so‘ng ayrimlarda kuzatiladigan harorat oshishi, nafas qisilishi yoki yurak urishi tezlashishi kabi holatlar vaqtinchalik bo‘lib, odatda 2–3 kunda bartaraf bo‘ladi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda vaksina “ta’siri”dan qutulish uchun karabash va arslonpanjasi giyohlarini iste’mol qilish haqidagi tavsiyalar ham asossiz. Mutaxassislar bu kabi maslahatlar ilmiy dalilga ega emasligini qayd etmoqda.
Rasmiylar bunday xabarlarga ishonmaslik va tibbiy masalalarda faqat mutaxassislarga tayanishni tavsiya qildi.