Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

"Azov"* jangarilari Konstantinovka yaqinidagi janglarda o‘z joniga qasd qilishdi

Ma’lum qilinishicha, jangchilar ilojsiz ahvolda qolib, o‘z joniga qasd qilgan. Shuningdek, “Azov”* bo‘linmasi chekinib, o‘rniga jangga tayyorligi pastroq bo‘linmalarni qoldirayotgani aytilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Konstantinovsk yo‘nalishida “Azov”* jangarilari ikki tomondan o‘qqa tutilganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgani ma’lum qilindi. Bu haqda RIA Novosti “Janub” qo‘shinlar guruhining 103-motoo‘qchi polki bataloni komandiri (chaqiruv nomi — "Mozdok") ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

"Biz “azovchilar”ga qarata o‘t ochib zarba berdik. Ularning ahvoli ilojsiz edi. Radioaloqa orqali eshitdik: avval biri, keyin ikkinchisi o‘z joniga qasd qildi", — dedi u.

Uning aytishicha, jangarilar Kleban-Bikskiy suv ombori hududida pozitsiyalarni egallab turgan, ammo Rossiya armiyasining faol harakatlari tufayli Konstantinovka tomon chekinishni boshlagan.

"Ularning o‘rniga hududiy mudofaa bo‘linmalari olib kelindi. Biroq ular jang qilishga unchalik tayyor emas. Harakat davomida suv ombori hududida dushmanning 38 nafar harbiysi yo‘q qilindi. Ular orasida “azovliklar”, safarbar qilinganlar va hududiy mudofaa jangchilari bor edi", — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lum qilinishicha, Konstantinovka tumanida “Janub” guruhi faoliyat yuritmoqda. Bir sutka davomida ushbu uchastkada UQKning yo‘qotishlari 125 nafargacha harbiy, birta "Leopard" tanki, birta M113 zirhli transportori, to‘rtta zirhli jang mashinasi, o‘nta avtomobil, dala artilleriyasi quroli hamda moddiy vositalar omborini tashkil etgan.
* tashkilot Rossiyada terrorchi deb topilgan va taqiqlangan.
Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi
Rossiya qo‘shinlari ikki haftada 8 qishloq va 300 kv.km hudud ozod qildi: Gerasimov bayonotlari