TOShKENT, 7 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezident farmoni bilan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi va uning boshqaruv kengashi tashkil etildi.
Agentlikka Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari o‘tkaziladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar:
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida yagona boshqaruvni joriy etish;
Yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish;
Butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish;
Yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va o‘rta biznes subyektlarini keng jalb qilish;
Mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish;
Ishlab chiqarish quvvatlarini texnologik yangilash va xalqaro sifat standartlarini joriy etish.
Shuningdek, Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
2026 yil 1-iyuldan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
2026 yil 1-iyuldan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
Dasturlar doirasida tadbirkorlik subyektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 6 %, milliy valyutada yillik 12 % stavkada 10-yil muddatgacha bitta loyiha uchun 10 mln dollargacha kredit mablag‘lari ajratiladi;
Ushbu mablag‘lar hisobidan tadbirkorlik subyektlariga xorijiy ishlab chiqarish texnologiyalarini olib kelish, brend va tovar belgilaridan foydalanish huquqini olish bilan bog‘liq xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 mln dollardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Undan tashqari har yili 10tagacha yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq sanoat startaplari xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 10 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.
Prezident farmoni bilan Baxtiyor Xaydarov Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bungacha u Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi.