O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumi: qanday kelishuvlarga erishildi

O‘zbekiston yetakchisi va Pokiston bosh vaziri erishilgan kelishuvlar to‘g‘risida alohida bayonnomani imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirda ikki mamlakatning 300 tadan ortiq yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmonlik tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev vmeste s premyer-ministrom Pakistana Shaxbazom Sharifom prinyal uchastie v sovmestnom biznes-forume
Mirziyoyev o‘z nutqida oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jihatdan rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zaro aloqalar tarixida ilk bor iqtisodiy hamkorlikka yangi sifat bag‘ishlash va savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni nazarda tutuvchi bayonnoma imzolandi.
Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat mutasaddilariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish topshirildi.
O‘zbekiston prezidenti iqtisodiy sheriklikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya tarmog‘i va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistondagi dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Xalqaro brendlar uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor.
Go‘sht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, shuningdek, urug‘chilik va seleksiya sohasida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev vmeste s premyer-ministrom Pakistana Shaxbazom Sharifom prinyal uchastie v sovmestnom biznes-forume
Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni amaliy jihatdan mustahkamlash maqsadida joriy yilda birinchi Hududlararo forumni o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston yetakchisi va Pokiston bosh vaziri erishilgan kelishuvlar to‘g‘risida alohida bayonnomani imzoladi. Unda amalga oshirish muddatlari hamda ikki mamlakatning buning uchun mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlari belgilab olindi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi