Mirziyoyev Pokistonning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi

“Nishoni Pokiston” ordenini Mirziyoyevga pokistonlik hamkasbi topshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev – Sputnik. Islomoboddagi “Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Asif Ali Zardoriy Pokistonning oliy mukofotini Mirziyoyevga antanali ravishda topshirdi.
“Ushbu nufuzli mukofot ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarning munosib e’tirofi hamda O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va chuqur hurmat ifodasi ekani qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligi mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib borishiga ishonch bildirildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yuksak mukofot turli yillarda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, AQSh prezidenti Richard Nikson, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Nelson Mandela, Tailand qiroli Pxumipon Adulyadet, BAA prezidenti Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Xu Szintao, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va boshqalarga berilgan.
Islomobodda Toshkent ko‘chasi va Bobur bog‘i bo‘ladi