Xalqaro onlayn to‘lovlarni amalga oshirish yengillashadi — Senat qonunni ma’qulladi

Yangi qonun shaxsiy ma’lumotlarni saqlash tartibini o‘zgartirib, "PayPal" kabi xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekistonda to‘liq ishlashiga imkoniyat yaratadi.
Sputnik
TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 13-yalpi majlisida xalqaro to‘lov tizimlarining mamlakat bozoriga kirib kelishini yengillashtiruvchi qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilganidek, ko‘p platformalarda to‘lovlar faqat "PayPal" orqali amalga oshiriladi. Ammo amaldagi talab — shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash — "PayPal"ning mahalliy bank kartalari bilan to‘liq ishlashiga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi.
Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, faqat biometrik, genetik va telekom ma’lumotlar mamlakat ichida saqlanadi. Qolgan ma’lumotlarni xavfsizlik talablariga javob beradigan davlatlarda saqlashga ruxsat beriladi. Bu davlatlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Ushbu yangiliklar xalqaro onlayn to‘lov tizimlari, fintex va elektron tijorat rivojiga turtki berishi, shuningdek, turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Telegram O‘zbekistonda to‘lov, sarmoya va kripto operatsiyalari uchun “Hamon”ni ishga tushirdi