Jarima o‘rniga ma’muriy ogohlantirish qaysi yo‘l qoidabuzarliklariga qo‘llanishi ma’lum qilindi

Yangi tartibga ko‘ra, xavfsizlik kamari, telefon, to‘xtash qoidalari va piyodalar bilan bog‘liq ayrim qoidabuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish berilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Ma’muriy ogohlantirish — huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirish va tanbeh berish. U yozma, shu jumladan, elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Ushbu tartib Kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan tatbiq etiladi:
125-moddaning 1-qismi — xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, motosikl va moped haydovchilarining motoshlem taqmasligi;
125-moddaning 2-qismi — ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tmagan transport vositasini boshqarish, shuningdek aptechka va o‘t o‘chirgichsiz harakatlanish;
128¹-modda — haydovchining telefondan foydalanishi;
128²-modda — monitor (displey)dan foydalanishi;
128⁶-modda — to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;
135¹-modda — majburiy sug‘urta talabini buzishi;
138-moddaning 1 va 2-qismlari — piyodalarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi.
Bunda ma’muriy ogohlantirish shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va uning harakatlarida boshqa huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmagan hollarda ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega organ tomonidan qo‘llaniladi.
Ma’muriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.
Ishlab chiqarilganiga 50-yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlandi