TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol buzgan bir qator tadbirkorlik subyektlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, faoliyat FVV tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar cheklanadi.
Ayni paytda ishchi guruhlar hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni davom ettirmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyati Denov tumani "Bog‘inav" MFYdagi savdo-ko‘ngilochar markazida joylashgan bolalar o‘yingohida qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlanib, faoliyat to‘xtatildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi "A.Yassaviy" va "Istiqlolning 5-yilligi" MFYlarda joylashgan ishlab chiqarish obyektlari va korxonalar faoliyati ham tekshiruv natijalariga ko‘ra vaqtincha to‘xtatildi.