O‘zbekiston–Pokiston iqtisodiy hamkorligi: Kudratov Islomobodda qanday kelishuvlarga erishdi

Muzokaralar yakunlarida logistika yo‘lagi, to‘qimachilik va farmatsevtikada qo‘shma loyihalarga kelishildi, shuningdek, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Islomobod shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Pokistonning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, qator yirik qo‘shma loyihalar va shartnomalar portfeli shakllantirildi.
2026 yil 30-yanvardan 2-fevralgacha bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar doirasida "National Logistics Cell", "Habib Rafiq", "HRL Group", "National Fruit", "Engro", "National Radio & Telecommunication Corporation", "Fatima Group", "Herbion", shuningdek, "Diamond Group", "Diners", "Hub Leather", "Siddiq Leather" va "Royal Leather" kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

Tomonlar “Karachi – Qashg‘ar – O‘sh – Andijon” muqobil yo‘nalishini rivojlantirish, to‘qimachilikda qo‘shma korxonalar tashkil etish, geologiya, farmatsevtika va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

2 fevral kuni Laziz Kudratov ishtirokida Hukumatlararo komissiyaning 10-yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda hamkorlikning strategik xususiyati tasdiqlanib, Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha dala ishlarini boshlash hamda Komissiya faoliyatini yangi formatda muntazam yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston va Pokiston TIV o‘rinbosarlari uchrashuvi: nimalar muhokama qilindi?