TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Endi ehtiyojmand oilalar uch toifaga ajratiladi: davlat ta’minotidagi oilalar, kambag‘al oilalar va kambag‘allik chegarasidagi oilalar. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassisi O‘rozbek Ismoilov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Prezident farmoni bilan mamlakatda 1-fevraldan boshlab ijtimoiy reyestr joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Reyestrga kirgan oilaning ijtimoiy—iqtisodiy holatini yaxshilash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkaziladi. Oilaning ehtiyojlardan kelib chiqib oila uchun individual reja ishlab chiqiladi", — dedi O‘rozbek Ismoilov.
Ta’kidlanishicha, individual reja asosida oilaning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, davlat ta’minotidagi, kambag‘al va og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan oilalarni aniqlash va yagona mezonlar asosida baholash orqali davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.