Raqobat qo‘mitasi: Uzbekistan Airways endi qaytish chiptasini bekor qilmaydi

Borish reysiga kelmagan yo‘lovchining qaytish chiptasi endi saqlanadi. Yangi tartib Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida joriy etildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Endilikda, agar yo‘lovchi "Uzbekistan Airways" mahalliy yo‘nalishida ikki tomonlama (borish–qaytish) chipta bilan borish reysiga kelmasa, qaytish reysi avtomatik bekor qilinmaydi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida kiritilgan ushbu amaliyotni boshqa mahalliy aviatashuvchilarga ham joriy etish uchun qoidalarga o‘zgartirish kiritish ishlari olib borilmoqda.
Avval amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, borish reysiga kelmagan yo‘lovchining qaytish chiptasi ham bekor qilinar edi. Yangi tartib bilan bu amaliyot bekor qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan 127 ta murojaat kelib tushgan. Ularda:
65 ta — ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinishi;
25 ta — sifatsiz xizmat;
27 ta — vaqt va yo‘nalishga rioya qilinmasligi;
5 ta — asossiz qarzdorlik va boshqa masalalar qayd etilgan.
Murojaatlarning 122 tasi ijobiy hal qilinib, qariyb 72 million so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
“Uzbekistan Airways”da kutilgan o‘zgarishlar: prezident taqdimot bilan tanishdi