BAAdagi "Lulu" supermarketlariga o‘zbek mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkaziladi

Dubaydagi ko‘rgazmada o‘zbekistonlik eksport qiluvchi korxonalar yirik riteylerlar bilan muzokara o‘tkazdi, preferensiyalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri logistika masalalari kelishildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbek mahsulotlarini Birlashgan Arab Amirligining “Lulu” savdo tarmoqlariga joylashtirish hamda O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 26-30 yanvar kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan "Gulfood 2026" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
“Made in Uzbekistan” milliy stendida 60 tadan ortiq mahalliy korxona oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavot, dukkakli ekinlar va quritilgan mevalar bo‘yicha eksport salohiyatini namoyish qildi. BAA, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi mamlakatlarining 20 tadan ortiq yetakchi riteyler va distribyutorlari, jumladan, "Lulu Group", "Sunberry Vegetables" va "Ali Bin Ali Holding" bilan muzokaralar o‘tkazildi.
BAA va Qatar hamkorlari bilan yangi bozorlarga chiqish mexanizmlari hamda eksportorlar to‘lovlarini bosqichma-bosqich shakllantirish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, BAA Tashqi savdo vazirligi bilan Keng qamrovli iqtisodiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim — CEPA loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi. Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzish va joriy yil davomida 500 tadan ortiq tovar pozitsiyasi bo‘yicha preferensial savdo shartlarini joriy etishga kelishib oldi.
Eksport, investitsiya va grantlar: prezident elchilarga aniq topshiriqlar berdi