Mehnat migrantlariga ehtiyoj ortadi — Yerxov TIVga Rossiya konsepsiyasini ma’lum qildi

Uchrashuvda qonuniy mehnat sharoiti, fuqarolar huquqi va 2030-yilgacha migrantlarga ehtiyoj masalalari muhokama qilindi, ijtimoiy tarmoqlardagi talqinlar rad etildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Rossiya 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan migratsiya siyosati konsepsiyasini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etdi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov RIA Novostiga ma’lum qildi.
Yerxov O‘zbekiston TIV o‘rinbosari Olimjon Abdullayev bilan uchrashuvda mehnat migratsiyasini takomillashtirish va o‘zbekistonliklarning Rossiyada qonuniy mehnat faoliyati uchun sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlarida fuqarolar huquqi va qadr-qimmati ta’minlanishi muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda konsepsiyaning asosiy qoidalari taqdim etildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025-yil 15-oktabrda ushbu hujjatni tasdiqlagan. Unda xorijiy ishchilarga ehtiyoj sabab mehnat migrantlari soni 2030-yilgacha o‘sishi qayd etilgan.

Shuningdek, Aleksey Yerxov ijtimoiy tarmoqlar va OAVda uchrashuv “gilamga chaqiruv” tarzida talqin qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, bu kabi izohlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Diplomat O‘zbekiston tomoni bilan konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilganini va uchrashuv odatiy ishchi tartibda o‘tganini ta’kidladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yanvar-sentabrda xorijga ishlash uchun ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,86 mln nafarni tashkil etdi. Shundan qariyb 70 foizi — 1,3 mln nafari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi izchil siyosiy muloqot strategik ahamiyatga ega – Yerxov