TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov 26-yanvar kuni ikkinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Hujjatda “Ikkinchi atom elektr stansiyasi” (yadro qurilmasi) hamda uni qurish hududi sifatida Olmaota viloyatining Jambil tumani belgilangani qayd etilgan. Qaror imzolangan kundan boshlab kuchga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘i yaqinida Qozog‘iston tarixidagi birinchi AES qurilishi rasman boshlangan edi. Qurilish ishlari Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi tomonidan olib borilmoqda.
2025 yil iyun oyida Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi ikkinchi stansiyani Xitoy Milliy atom korporatsiyasi boshchiligidagi konsorsium qurishini ma’lum qilgan. Ushbu kompaniya loyiha bo‘yicha yetakchi sifatida belgilangan.