Eng nufuzli shaxmat turnirida Nodirbek Abdusattorov g‘olib, Javohir Sindarov — ikkinchi

Musobaqa natijalari reytingda ham aks etdi: Abdusattorov 2770 ballga chiqib, kuchli beshlikka yaqinlashdi. Sindarov 2745 reyting bilan jahonda 11-pog‘onaga ko‘tarildi.
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. 16 yanvar-1 fevral kunlari Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida o‘tgan nufuzli "Tata Steel Chess Tournament" musobaqasida O‘zbekiston shaxmatchilari tarixiy natija qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Masters” guruhida 9 ochko to‘plagan Nodirbek Abdusattorov turnir g‘olibiga aylandi va ushbu musobaqa tarixida chempionlikni qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek shaxmatchisi bo‘ldi.
Yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster — Javohir Sindarov 8,5 ochko bilan mag‘lubiyatsiz ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni niderlandiyalik Yorden van Foreyest qo‘lga kiritdi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Abdusattorov onlayn reytingda +19,5 punkt qo‘shib, 2770 reyting bilan jahonning kuchli beshligiga kirdi. Sindarov esa +19,4 ochko bilan 2745 reytingga yetib, jahon reytingida 11-o‘ringa ko‘tarildi.
Shaxmatchilar 3-fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:10 da Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi HY-274 reysi bilan O‘zbekistonga qaytib kelishi kutilmoqda.
O‘zbekiston yosh shaxmatchilari Jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi