TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 1-martdan xulq-atvori buzilishlari kuzatilmagan, ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turgan, demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati joriy etiladi. Hukumat qarorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa toifalar reyestrga kiritilgan paytdan boshlab har chorakda yashash sharoitlarini ishchi guruh tomonidan qayta baholash talabi bekor qilindi;
“Inson” markazlari hamda oilaviy poliklinikalar tomonidan keyingi yil uchun shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jadvalini tuzish amaliyoti bekor qilindi;
ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchiga berilgan vaucherni bekor qilish hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasidan ro‘yxatdan chiqarish asoslari aniq belgilab berildi.