Turkiyada O‘zbekiston zilziladan jabr ko‘rganlar uchun qurgan turar joy majmuasi ochildi

2023 yildagi zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun qurilgan ushbu majmua 300 dan ortiq kvartirali 24 ta binodan iborat.
Sputnik
TOShKENT, 30 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqaraga rasmiy tashrif doirasida Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan "O‘zbekiston" turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Mirziyoyev uch yil oldin sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lganini ta’kidladi. O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshladi.
Ma’lum qilinishicha, qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
O‘zbekiston qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 tadan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon, jami 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini barpo etdi.
“Turkiya prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi”, - deyilgan habarda.
Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirishdi.
1 / 8
2 / 8
3 / 8
4 / 8
5 / 8
6 / 8
7 / 8
8 / 8
Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirishdi.
Shuningdek, prezidentlar Istanbulning Bekirkoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishini boshlab berdilar. Mazkur dargoh O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi.
Qayd etilishicha, yangi o‘quv maskani Turkiyada yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘z ona tilida ta’lim olishi bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va an’analarni saqlab qolish imkonini beradi.
Tomonlar maktab ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevrala Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Binolarning vayron bo‘lishi 50 mingdan ziyod insonning o‘limiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi – ro‘yxat