TOShKENT, 30 yanv – Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi hamda 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yil davomida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, o‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan mutaxassislar va futbolchilar e’tirof etildi.
2025 yil O‘zbekiston futboli uchun tarixiy bo‘ldi. Jumlada, milliy terma jamoa ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat yilning eng yaxshilarini aniqlashda muhim omil sifatida baholandi.
2025 yilning eng yaxshilari:
“Futbolimiz nuroniysi” — Ahrol Inoyatov
Uzoq yillar davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan, murabbiy va futbol mutaxassisi sifatida ham o‘zbek futboli taraqqiyotiga hissa qo‘shgan Inoyatovning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
“Yilning eng yaxshi futbolchisi” — Eldor Shomurodov
Italiyaning “Roma” hamda “Turkiyaning “Bashakshehir”dagi faoliyati, shuningdek, terma jamoadagi yetakchilik roli Shomurodovni 2025-yilning “eng yaxshi futbolchisi”ga aylantirdi.
“Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” — Diyora Habibullayeva
Klub va terma jamoa safidagi barqaror va samarali o‘yini evaziga Diyora Habibullayeva O‘zbekistonning “eng yaxshi ayolfutbolchisi” sifatida e’tirof etildi. Habibullayev yakuniga yetgan yil “Sevinch” bilan O‘zbekiston chempionati bosh sovrini, Superkubogi hamda Kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, milliy terma jamoa bilan 23-yillik tanaffusdan keyin ilk bor Osiyo Kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
“Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” — Sadriddin Hasanov
U-17 Osiyo chempionatidagi yorqin o‘yinlari va yetakchilik qobiliyati bilan Sadriddin Hasanov 2025-yilning eng istiqbolli futbolchisi sifatida baholandi.
“Yilning eng yaxshi murabbiyi” — Temur Kapadze
Milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqishida katta hissa qo‘shgan Temur Kapadze “yilning eng yaxshi murabbiyi” sifatida e’tirof etildi. 45 yoshli mutaxassis hozirda Namanganning “Navbahor” klubi ustozi.
“Yilning eng yaxshi hakami” — Ilgiz Tantashev
Xalqaro maydondagi nufuzli uchrashuvlardagi faoliyati bilan Tantashev 2025-yil O‘zbekistonnin “eng yaxshi hakami” sifatida e’tirof etildi. Tantashev yakuniga yetgan mavsum Klublar o‘rtasidagi JCh, Jahon chempionati saralash uchrashuvlari, Osiyo Chempionlar Ligasi kabi ko‘plab nufuzli musobaqalarda bosh hakam sifatida faoliyat yuritdi.
“Yilning eng yaxshi ayol hakami” — Nasibabonu Toshmuhammedova
Nasibabuni Toshmuhammedov erkaklar Superligasida bosh hakam sifatida faoliyat yuritgan ilk ayol referi sifatida tarixiy natijaga erishdi. U chempionatning 30-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Sho‘rtan” uchrashuvida bosh hakam sifatida ishladi.
Tadbir yakunida O‘FA rahbariyati 2025-yil o‘zbek futboli tarixida alohida sahifa bo‘lgani, 2026-yilda esa Jahon chempionatida munosib ishtirok etish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi.
Kongress doirasida kadrlar masalasiga ham aniqlik kiritildi. 2025-yil fevral oyidan buyon O‘FA prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov navbatdagi muddatga assotsiatsiya prezidenti etib qayta saylandi. Shuningdek, Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti, Odil Ahmedov esa vitse-prezident lavozimida qoladi.