TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan Tinchlik kengashida ishtirok etishni O‘zbekiston va AQShdan tashqari yana 25 ta davlat tasdiqladi.
Tinchlik kengashining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Trampning yangi xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lish taklifini qabul qilgan davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Ro‘yxatdan O‘zbekiston, Albaniya, Argentina, Armaniston, Ozarbayjon, Bahrayn, Belarus, Bolgariya, Kambodja, Misr, Salvador, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Kosovo, Kuvayt, Mo‘g‘uliston, Marokash, Pokiston, Paragvay, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA va Vyetnam o‘rin olgan.
Tramp avvalroq G‘azo sektorini tiklash va boshqarish maqsadida Tinchlik kengashi tuzilganini ma’lum qilgan edi. AQSh ma’muriyati qariyb 50 ta davlat rahbariga mazkur kengashta ishtirok etish bo‘yicha taklifnomalar yuborgan.
Taklif etilganlar orasida Rossiya va Ukraina ham bor. Rossiya rahbari Vladimir Putin avval Rossiya muzlatilgan aktivlaridan G‘azo sektorini tiklash va Falastin muammolarini hal qilish uchun ushbu tashabbus doirasida 1 milliard dollar yo‘naltirishga tayyorligini bildirgan.
"Bloomberg" ma’lumotlariga ko‘ra, kengash nizomi loyihasida ishtirokchi davlatlar odatda uch yillik a’zolikka ega bo‘lishi, ammo agar davlat bir yil ichida 1 milliard AQSh dollaridan ortiq badal kiritsa, doimiy a’zo maqomini olishi mumkinligi qayd etilgan. Mazkur mablag‘ kengash faoliyati va G‘azo sektori bo‘yicha rejalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan.