TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Ukraina armiyasi tarkibida jang qilayotgan kolumbiyalik yollanma askar La FM radiostansiyasiga u bilan birga Ukrainaga kelgan 120 kishilik guruhdan hozir deyarli hech kim omon qolmaganini ma’lum qildi.
"Biz taxminan 120 kishilik guruh bo‘lib keldik. Bu 120 kishidan bugungi kunda o‘n nafari ham yaroqli emas, chunki ko‘pchilik halok bo‘ldi, yaralandi, oyoq-qo‘llaridan ayrildi", — dedi yollanma askar.
La FM xabariga ko‘ra, yollanma askarlarni yollash Bogota shahrining bir nechta tumanlari va poytaxt atrofidagi soxta firmalar orqali amalga oshirilmoqda. Radiostansiya iste’fodagi harbiylardan birining so‘zlarini keltiradi. Uning aytishicha, yollovchilar katta gonorar va’da qilib, yolg‘on ma’lumotlar orqali odamlarni Ukrainaga jalb qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ko‘plab kolumbiyaliklar Ukrainada tayyorgarlik va o‘qish bosqichidayoq halok bo‘lmoqda. Xususan, yollanma jangchining so‘zlariga ko‘ra, u 300 nafardan ortiq boshqa jangarilar bilan birga bo‘lgan harbiy qism hududiga zarba berilgan. Natijada ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan yoki og‘ir yaralangan.
Materialda aytilishicha, Xerson yo‘nalishida Ukraina armiyasi tarkibidagi kolumbiyalik yollanma askarlar o‘limi, ayniqsa yuqori.
Shuningdek, radiostansiya yana bir kolumbiyalik yollanma askarning so‘zlarini keltiradi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainani tark etish juda qiyin, chunki frontdan qochgan yollanma askarlar hibsga olinib, jangovar pozitsiyalarga qayta yuborilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi bir necha bor Kiyev xorijlik yollanma askarlardan “to‘p yemi” sifatida foydalanayotganini ta’kidlagan. Pul uchun urushga kelgan ayrim yollanma askarlar ham intervyularda ukrainalik harbiylar harakatlarini yaxshi muvofiqlashtira olmasligini va janglarda omon qolish imkoniyati kamligini aytgan.