TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Endilikda fuqaro yoki uning qonuniy vakili begona qon quyishni rad etsa, u jarrohlik amaliyoti paytida o‘ziga ishlatish uchun qonni oldindan topshirishi mumkin. Bu tartibni nazarda tutuvchi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu amaliyot, ya’ni autodonorlik, donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi asosida operatsiya o‘tkaziladigan tibbiyot muassasasida bepul amalga oshiriladi.
Bu tartib, shuningdek, quyidagi hollarda ham qo‘llanadi:
begona qon quyish imkoni bo‘lmasa;
donorning qon guruhi kam uchraydigan bo‘lsa.
Qon topshirish quyidagi vaqtlarda amalga oshirilishi mumkin:
jarrohlik amaliyotidan ko‘pi bilan 30 kun oldin;
jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik jarayonida (1–2 soat oldin);
jarrohlik amaliyoti davomida (oldindan yozma rozilik bilan).
Autodonorlikdan oldin qon laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Agar donorda OIV (OITS), V yoki S gepatiti, zaxm kasalligi aniqlansa yoki gematokrit ko‘rsatkichi 25 foizdan past bo‘lsa, autodonorlikka yo‘l qo‘yilmaydi.