TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Samarqand viloyatida yana bir futbol akademiyasi ochiladi. Ushbu akademiya Kattaqo‘rg‘on shahrida barpo etiladi.
Qurilish uchun 20 milliard so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 150 o‘rinli o‘quv-ma’muriy bino, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona, universal sport zali, shuningdek, tabiiy va sun’iy qoplamali ikkita futbol maydoni quriladi.
Yangi akademiyada har birida kamida 25 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lgan sakkizta yosh toifasi tashkil etiladi.
Viloyat futbol akademiyasi direktori Ilhom Yunusovning Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qilishicha, yangi maktabda nafaqat Kattaqo‘rg‘on, balki qo‘shni tumanlar bolalari ham o‘qitiladi.