17,2 kg oltin va 280 tonna ruda: Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchi guruh qo‘lga olindi

O‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy oltin qazib olish bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan guruhdan 17,2 kg oltin va kumush qorishmasi hamda 20 kg yarim tayyor oltin musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan davlat zaxirasidagi yerlarda o‘tkazildi. Guruh soliq, geologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga zid ravishda xorijiy fuqarolarni jalb etgan holda faoliyat yuritgan.

Tadbir davomida tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 250 kg boyitilgan ko‘mir, 280 tonnadan ortiq qum va ruda, 230 litr maxsus kimoviy vositalar, oltin ajratishga mo‘ljallangan laboratoriya jihozlari, gaz ballonlar va boshqa uskunalar ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum qilinishicha, oltinni ajratib olish uchun sun’iy yaratilgan 4 ta hovuz kimoviy vositalar bilan to‘ldirilgan, 1 gektar yer sanoat ishlab chiqarish maydoniga aylantirilgan.
Guruhga Karmana tumanidagi sport yo‘nalishidagi MChJ rahbari boshchilik qilgan.
Hozir ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
DXX: Toshkent viloyatidagi xonadonlarda 17,5 tonna qimmatbaho metallli qum-tosh aniqlandi