TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. 20-25 mart kunlari “Jibek Joly” xalqaro sayyohlik poyezdi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonni yagona madaniy-ma’rifiy yo‘nalish doirasida bog‘laydi. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘li” matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha tarixida ilk bor yo‘nalish Dushanbegacha kengaytirildi. Poyezd Olmaota — Turkiston — Samarqand — Dushanbe — Toshkent — Olmaota yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi.
Sayyohlik paketiga poyezdda sayohat, gidlar hamrohligida ekskursiyalar, kirish chiptalari va transferlar kiradi.
Qayd etilishicha, loyiha Navro‘z va Ramazon oyi yakunlanishi arafasida o‘tkazilishi bilan ahamiyatli. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo xalqlarining bayram an’analari va madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Sayyohlik poyezdi “QTJ” AJ tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Qozog‘iston turizm sanoati” uyushmasi ko‘magida tashkil etildi.