TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. 26 yanvar – Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qutlovda mustaqillik yillarida bojxona organlari O‘zbekistonning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va davlat chegaralari daxlsizligini mustahkamlashda ishonchli tayanch bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish, burokratiya va inson omilini kamaytirish, noqonuniy tovar aylanmasi hamda giyohvandlik va psixotrop moddalar muomalasiga qarshi kurashish, xavflarni oldindan tahlil qilish va rasmiy importni kengaytirish borasidagi ishlar e’tirof etildi.
Tabrikda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik sharoitida bojxona tizimi mas’uliyati va samaradorligini oshirish ustuvor vazifa ekani qayd etildi.
Davlat rahbari bojxonachilarga mas’uliyatli va sharafli xizmatida yangi zafarlar tiladi.