TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda giyohvandlik, uyushgan jinoyatchilik, ekstremistik g‘oyalar va kiberjinoyatchilik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident ta’kidlashicha, o‘tgan yili poytaxtda 1,5 mingdan ortiq giyohvand rasman ro‘yxatga olingani, “soya”dagi yoshlar soni esa bundan ham ko‘pligi aytildi. Ular oyiga o‘rtacha 20–25 mln so‘m narkotikka sarflayotgani, bu esa jinoyatga olib kelayotgani qayd etildi.
Shu yildan narko ekspress-testlar ommaviy qo‘llanadi. Ta’lim va yoshlar tizimi rahbarlariga giyohvandlikka qarshi toqatsizlik muhitini shakllantirish vazifasi yuklatildi. Davolash xizmatlarini xususiy sheriklik asosida kengaytirish bo‘yicha qaror tayyorlanadi.
So‘nggi besh yilda musodara qilingan sintetik narkotiklar 11 barobar oshgan. Ularning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Narkotiklar va qurollarni nazorat qilish agentligi vakolatlari kengaytirilib, idoralar ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish huquqi beriladi.
Shuningdek, uyushgan jinoyatchilik biznesga aralashib, tadbirkorlarga tahdid solayotgani qayd etildi. Qator xorijiy davlatlardagi elchixonalarda ichki ishlar vakillari ish boshlagani aytildi. IIVda uyushgan jinoyatchilikka qarshi alohida xizmat tashkil qilinadi.
259 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar va sportchilar jinoiy guruhlar tarkibida ekani tashvish uyg‘otgani aytildi. Jangovar sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlarni kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Diniy bag‘rikenglikni saqlash va radikal g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurashish maqsadida poytaxt tumanlarida “Qaytaruv guruhlari” tashkil etiladi. Ularga islomshunoslik va oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari jalb qilinadi.
Kiberjinoyatlar turi 18 tadan 62 tagacha oshgani, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va sun’iy intellekt orqali firibgarlik holatlari ko‘paygani qayd etildi. Shu bois Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament, Adliya vazirligida esa raqamli huquq va kiberjinoyatchilik bo‘yicha boshqarma tashkil qilinadi.