TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi mutlaqo yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilindi.
Yangi tartib birinchi navbatda Toshkent shahrida “poytaxt namunasi” sifatida boshlanadi.
Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi, Prezident administratsiyasi vakili ham alohida tumanga mas’ul bo‘ladi. Huquq-tartibot oliygohlari mahallalarda ishlab, xodimlarni yagona dastur asosida o‘qitadi, talabalar esa dual ta’lim orqali amaliyot o‘taydi.
Prezident bu tizimni Chilonzor misolida tushuntirdi. O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 407 ta jinoyat sodir etilgan, ularning 40 foizi mahallalarda kuzatilgan.
Jamoat xavfsizligi xizmati 3 smenali rejimga o‘tadi, xodimlarning 70 foizi kechqurun va tungi vaqtda patrullik qiladi. Huquqbuzarlik haqida xabar kelib tushganda, guruhlar 5 daqiqa ichida yetib boradi.
Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmat uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanadi. Gavjum joylarda dron orqali kuzatuv yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha mahallalarda profilaktika inspektorlari bilan tezkor aloqa tizimi yaratiladi. Inspektorlar ishi raqamlashtiriladi, KPI baholashda protokol emas, profilaktika samaradorligi mezon bo‘ladi.
Shuningdek, profilaktikaga qaratilgan yangi qonun loyihasi ishlab chiqish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangilash vazifasi qo‘yildi.