TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Moldova rasmiylarining MDH tarkibidan chiqish qarori mamlakat iqtisodiy manfaatlariga zid va siyosiy xarakterga ega. Bu haqda Moldova sobiq bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Muravskiy bayonot berdi.
19 yanvar kuni Moldova Tashqi ishlar vaziri Mixay Popshaya mamlakat MDHga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi asosiy hujjatlarni denonsatsiya qilish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, parlament va prezident tasdig‘idan so‘ng Moldova MDH tarkibidan to‘liq chiqishi mumkin.
"Moldova rasmiylarining MDHdan chiqish to‘g‘risidagi qarori muddatidan oldin qabul qilingan bo‘lib, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olmaydi. Moldovaning MDH davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari hajmi qisqarganiga qaramay, bu munosabatlarni uzish uchun asos bo‘lmaydi," — dedi Muravskiy.
Uning ta’kidlashicha, respublika rahbariyati qaror oqibatlarini to‘liq anglab yetmayapti.
"Ushbu qaror aniq siyosiy xarakterga ega — bu Moldova rasmiylarining Yevropa Ittifoqi yetakchilari siyosatini qondirishga qaratilgan navbatdagi urinishidir. Biroq, hozircha u Moldova uchun hech qanday real foyda keltirmaydi," — deya ta’kidladi Muravskiy.
Moldova sobiq prezidenti Igor Dodon ham MDH davlatlari bilan kelishuvlarni bekor qilish milliy manfaatlarga zid ekanini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, Moldova MDH doirasidagi 255 ta kelishuvdan 64 tasini bekor qilgan.
2022 yildan beri Moldova MDH va YeOII doirasidagi yig‘ilishlarda ishtirok etmayapti. Mamlakat rasmiylari eksportni G‘arb bozorlariga yo‘naltirish niyatini bildirgan.
Muxolifat esa bu siyosat mehnat muhojirlari va iqtisodiy aloqalar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.