Mirziyoyev Davosda qator uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston rahbari qator davlatlar yetakchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Shveysariyada Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Davosda O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Yetakchilar do‘stona ruhda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Ko‘p tomonlama, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, AQSh savdo vaziri Govard Latnik, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan ham suhbatlar o‘tkazdi.
Shuningdek, Mirziyoyev “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuvda ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Amaliy tashrif tugagach, O‘zbekiston prezidenti Surix xalqaro aeroportidan Toshkentga jo‘nab ketdi.
Eslatamiz, Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Qayd etilishicha, Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.
Tinchlik kengashi mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.
Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin oldi.
Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.
Tinchlik kengashi nizomi tasdiqlandi: O‘zbekiston ta’sischilar qatorida