TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. “Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularning faoliyat samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Talabgor Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida (Markaz) har 3-yilda 1 marotaba attestatsiyadan o‘tishi shart.
Talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun Markaz direktorining buyrug‘i bilan kamida 7 kishidan iborat Attestatsiya komissiyasi tuziladi.
Komissiya attestatsiyadan o‘tish muddati kelgan talabgorlarning ro‘yxatini taqdim etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qiladi.
Komissiya tomonidan talabgorlarning anketasi 10 kun ichida atroflicha o‘rganib chiqilib, attestatsiyadan o‘tadigan talabgorlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Attestatsiya 2 oy ichida o‘tkaziladi. Attestatsiya 5 ta savol va amaliy sinovlardan iborat og‘zaki suhbat shaklida o‘tkaziladi.
Attestatsiya o‘tkazish vaqtida talabgorning suhbat natijalari 5 ballik tizimda baholanadi.
Bunda kamida 4 ball bilan baholangan talabgor attestatsiyadan o‘tgan deb topiladi va unga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.