Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalari cheklanmaydi — Davlat dumasi qonun loyihasini rad etdi

Rossiyada mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalariga cheklov joriy etish taklifi qo‘llab-quvvatlanmadi.
Sputnik
TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Rossiya Davlat dumasi mamlakatda mehnat migrantlariga rasmiy maoshidan ortiq mablag‘ni xorijga o‘tkazishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini rad etdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Davlat Dumasining moliya bozori qo‘mitasi taklif etilayotgan o‘zgarishlar tarqoq xususiyatga ega ekanini va tartibga solishda jiddiy bo‘shliqlarni qoldirishi mumkinligini qayd etgan.
Ta’kidlanishicha, o‘tkazilayotgan pul mablag‘larining rasman tasdiqlangan daromadlarga muvofiqligini nazorat qilish tartibi belgilanmagan, shuningdek, taqiqni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Rossiya hukumati ham qonun loyihasini takomillashtirish zarur, deb hisoblaydi. Xususan, olingan daromadlarning qonuniyligini tasdiqlovchi deklaratsiyani taqdim etish va undagi ma’lumotlarni tekshirish mexanizmlari ishlab chiqilmagani qayd etilgan.
Bundan tashqari, hukumatning fikricha, qonun loyihasi qoidalarini amalga oshirish noqonuniy mehnat faoliyatiga qarshi qaratilgan maqsadlarga teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, Rossiyadan, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga naqd rubl olib chiqish hajmini oshirish xavfi mavjud.
Rossiyada muhojirlar pul o‘tkazishini cheklash qonuni rad etilishi mumkin — qo‘mita tavsiya berdi