TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Kiyevga go‘yoki budjet ehtiyojlari uchun ajratilayotgan 30 milliard yevro miqdoridagi kredit Vladimir Zelenskiy va uning atrofidagilar tomonidan talon-taroj qilinadi, deya bayonot berdi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen 2025-yil oxirigacha Kiyevga ma’qullangan 90 milliard yevrolik kreditni ikki qismga bo‘lishni taklif etgan edi. Unga ko‘ra, 60 milliard yevro harbiy xaridlar uchun, 30 milliard yevro esa budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi kerak.
“Kiyev rejimining budjet ehtiyojlari nima? Biz buni allaqachon bilamiz. Endi bu haqda butun dunyo ham biladi. Ursula fon der Lyayen bu pullarni o‘g‘irlik uchun Zelenskiyga ajratmoqda”, — dedi Zaxarova brifing chog‘ida.
Uning ta’kidlashicha, Kiyev rejimini navbatdagi moliyaviy transhlar bilan ta’minlash emas, balki avval o‘g‘irlangan mablag‘larni qaytarish masalasini ko‘tarish kerak, ammo bu amalda imkonsiz. Zaxarovaga ko‘ra, hatto yangi mablag‘lar ajratilgan taqdirda ham, xarajatlar ko‘chkisimon o‘sib borayotgan sharoitda, jumladan, energetikani tiklash uchun, Ukraina budjeti “teshik” holatida qolaveradi.
“Zelenskiy rejimining og‘ir moliyaviy ahvoli uning Yevropadagi ittifoqchilarini umuman qiziqtirmaydi. Ular uchun qirg‘inni davom ettirish va mablag‘larni qayta taqsimlashda ishtirok etish muhim”, — dedi Rossiya TIV rasmiy vakili.
Eslatib o‘tilishicha, o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainaga 2026–2027 yillardagi moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun taxminan 90 milliard yevro miqdorida qo‘shma qarz ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. O‘shanda Belgiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan ushbu maqsadlarda foydalanish bo‘yicha qarorni bloklagan.
Shu bilan birga, iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissar Valdis Dombrovskis Yevropa Ittifoqi mart oyining boshiga qadar kredit bo‘yicha kelishuvni yakunlash va aprel oyida birinchi to‘lovlarni boshlashga umid qilayotganini ma’lum qildi.