TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Rossiya maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan buyon oltin narxining oshishi hisobidan 216 milliard dollar foyda oldi. Bu haqda "Bloomberg" ma’lumotlariga tayangan holda RIA Novosti xabar berdi.
"Rossiya Ukrainada urush boshlanganidan beri oltin narxining keskin oshishidan katta foyda ko‘rdi, uning ko‘lami Yevropadagi muzlatilgan suveren zaxiralar bilan taqqoslanadigan darajaga yetdi", - deyiladi materialda.
Ta’kidlanishicha, Yevropada bloklangan qimmatli qog‘ozlar va pullardan farqli o‘laroq, oltin zarurat bo‘lsa hali ham sotilib, monetizatsiya qilinishi mumkin.
Avvalroq RIA Novosti Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib, Rossiyaning oltin zaxiralari yil davomida qimmatlashish hisobiga rekord darajada — 130 milliard dollarga oshganini xabar qilgan edi. Xususan, 2025-yil 1-yanvar holatiga zaxiralarda 195,7 milliard dollarlik, bir yil o‘tib esa 326,5 milliard dollarlik oltin quymalari saqlangan.
Bu davrda jahon oltin bozorida qiymat 1,7 barobarga o‘sib, bir troya unsiya narxi 2,6 ming dollardan 4,4 ming dollargacha ko‘tarildi. 2026-yil boshiga kelib, oltin Markaziy bank zaxiralarining 43,3 foizini tashkil etdi.
Shu bilan birga, valyuta aktivlari ulushi 3,6 foizga oshib, 428,3 milliard dollarga yetgan.