O‘zbekiston delegatsiyasi Erdog‘an va Turkiya xavfsizlik idoralari rahbarlari bilan uchrashdi

Turkiyaga amalga oshirilgan tashrif doirasida xavfsizlik, tashqi siyosat va global jarayonlar bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Turkiyaga amalga oshirilgan tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari izchil va ijobiy rivojlanayotgani, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiyaning tashqi ishlar, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hamda xavfsizlik idoralari rahbarlari ishtirokida “4+4” mexanizmi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, mintaqaviy va global jarayonlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hozirgi kunda dunyoda misli ko‘rilmagan geosiyosiy o‘zgarishlar yuz bermoqda va rivojlanayotgan mamlakatlar yangi sinovlarga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan barqaror rivojlanish va farovonlikni mustahkam xavfsizlik asosida ta’minlashga qaratilgan eng samarali hamkorlik yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, yaqin istiqbolga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi.
O‘zbekiston–Turkiya qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi