TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. 19 yanvar kuni Toshkent shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda to‘xtagan Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Italiya bilan hududlararo aloqalar, jumladan, Lombardiya viloyati bilan almashinuvlar izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratilgani qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
To‘qimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi, shuningdek, joriy yilda Milanda amaliy san’at va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Jorja Melonini O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.