TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. 1 fevraldan jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID kartalar birinchi marta rasmiylashtirilganda, uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo (ERI) sertifikati bepul taqdim etiladi. Bu bo‘yicha tegishli Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, vakolatli departament jismoniy shaxslarga oid quyidagi markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish uchun mas’ul etib belgilanadi:
O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxat manzillari;
ID kartaning seriyasi, raqami, berilgan joyi, berilgan va amal qilish muddati;
O‘zbekiston fuqaroligiga oid ma’lumotlar;
O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
O‘zbekistonga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, ularning viza muddati uzaytirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) va davlat xizmatlari markazlari orqali quyidagi xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi:
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif qilish;
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirishga ariza topshirish.