TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Rossiyaning Indoneziyadagi elchisi Sergey Tolchenovning Bisnis Indonesia nashrida "YeOII–Indoneziya erkin savdo kelishuvi — o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam asos" sarlavhali maqolasi chop etildi.
Maqolada qayd etilishicha, 2025-yil 21-dekabrda Sankt-Peterburg shahrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII), unga a’zo davlatlar va Indoneziya o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan.
Ushbu hujjat Ittifoqning barcha ishtirokchilari uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlanib, u siyosiy yetakchilar, iqtisodiy bloklar rahbarlari, hukumatlar hamda ishbilarmon doiralarning YeOII mamlakatlari va Indoneziya xalqlarining iqtisodiy o‘sishi hamda farovonligini oshirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishini aks ettirishi qayd etilgan.
Maqolada YeOII faoliyati doimo a’zo davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston — o‘rtasida o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslanishi ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil dekabr oyida Indoneziya bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tuzish bo‘yicha ishlar boshlangan. Uch yil davomida tomonlar keng qamrovli hujjatni shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Tarif va texnik to‘siqlarni bartaraf etish, jumladan, Indoneziya tovarlarining 90,5 foizi, shuningdek, Rossiya va YeOIIga a’zo boshqa mamlakatlar tovar pozitsiyalarining 90 foizi bo‘yicha boj stavkalarini nollashtirish o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki berishi kutilmoqda.
Shuningdek, xalqaro savdo tizimidagi beqarorlik, ayrim davlatlar iqtisodiy siyosatining noaniqligi hamda "tarif tajovuzi" sharoitida YeOII va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lishi, tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish va global shoklarga qaramlikni kamaytirish imkonini berishi ta’kidlangan.
Maqolada ushbu kelishuv Rossiya–Indoneziya diplomatik munosabatlarining 75-yilligi ostida o‘tgan 2025-yilning muhim yakunlaridan biri ekani qayd etilgan.