O‘zbekiston Qizil kitobi: ayrim hayvon va o‘simliklar chiqarilishi va ayrimlar qo‘shilishi mumkin

O‘zbekiston Qizil kitobining 6-nashri uchun hayvonot va o‘simliklar dunyosiga oid turlar ro‘yxati ilmiy baholashlar asosida yangilanmoqda
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobidan hayvonot dunyosining 30 turini chiqarish, 189 tur va kenja turni 6-nashrga kiritish, shuningdek 48 turning muhofaza maqomini o‘zgartirish tavsiya qilindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita majlisida Qizil kitobning 6-nashri uchun kiritilishi taklif etilayotgan yovvoyi flora va fauna turlari ro‘yxati muhokama qilingan. Qayd etilishicha, hayvonot dunyosidan 13 tur ilk bor Qizil kitobga kiritiladi.
Shuningdek, o‘simliklar dunyosi bo‘yicha ham o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Xususan, amaldagi 5-nashrga 314 tur kiritilgan bo‘lsa, yangi ma’lumotlar asosida 21 turni ro‘yxatdan chiqarish, shu bilan birga 317 tur va kenja turdagi o‘simliklarni 6-nashrga kiritish taklif etilmoqda. Ularning 24 turi birinchi marta Qizil kitobga kiritiladi.
Turlar ro‘yxati dala ilmiy tadqiqotlari va monitoring natijalari asosida, Fanlar akademiyasining Zoologiya va Botanika institutlari, mahalliy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida tayyorlangan.
Qizil kitob — O‘zbekiston hududida uchraydigan kamob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvon turlarining rasmiy davlat ro‘yxati hisoblanadi. U Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-dekabrdagi 1034-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq yuritiladi. 6-nashrni shakllantirishda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) mezonlari qo‘llanildi.
CITES CoP20: MO davlatlari Samarqand deklaratsiyasi va 2032-yilgacha rejani tasdiqladi