Sea Breeze majmuasi qurilishining ekologiyaga ta’siri bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi

Eshitishda Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi qurilishi loyihasining atrof-muhitga ta’siri va ekologik xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. 23 yanvar kuni soat 10:00 da Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi qurilishi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash (ATB) yuzasidan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir manzili:
Toshkent viloyati, G‘azalkent shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 14-uy.
Ma’lum qilinishicha, loyiha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida, Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘i hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi.
Mazkur jamoatchilik eshituvlari doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari;
atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir;
chiqindilarni boshqarish;
yashil hududlar va suv obyektlarini muhofaza qilish;
ekologik xavfsizlik choralari hamda monitoring masalalari.
Qayd etilishicha, loyiha hujjatlari amaldagi ekologik qonunchilik talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalaringizni jamoatchilik eshituvlari davomida yoki yozma shaklda taqdim etishingiz mumkin.
Jamoatchilik vakillari, mutaxassislar hamda barcha manfaatdor tomonlar jamoatchilik eshituvlarida ishtirok etishga taklif etilgan.
Chorvoqda “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi