Putin G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga taklif oldi

Rossiya prezidenti G‘azo bo‘yicha tuzilayotgan “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lish taklifini oldi va hozirda uning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Vladimir Putin G‘azo bo‘yicha tuzilayotgan “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lish taklifini oldi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Ha, haqiqatan ham, prezident Putin diplomatik kanallar orqali Tinchlik kengashi tarkibiga qo‘shilish taklifini oldi. Hozirda biz ushbu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz. Shuningdek, barcha nozik jihatlarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqa o‘rnatishga umid qilamiz,” — dedi Peskov jurnalistlarga.
Avvalroq Donald Tramp G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” tuzilganini e’lon qilgan va uning a’zolari tarkibini tez orada ochiqlashini aytgan edi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, kengash tarkibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, sarmoyador Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, Jahon banki rahbari Ajay Banga hamda AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Robert Gebriel kirgan.
2025 yil noyabr oyi o‘rtalarida BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh tomonidan taklif etilgan va Trampning G‘azo sektoridagi vaziyatni hal etishga qaratilgan keng qamrovli rejasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani ma’qulladi. 15 a’zodan 13 tasi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Xitoy esa betaraf qoldi.
AQSh rejasida G‘azo sektorini vaqtinchalik xalqaro boshqarish, shuningdek, Tramp raisligida “Tinchlik kengashi”ni tuzish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Isroil va Misr bilan muvofiqlashtirilgan holda joylashtirilishi kerak bo‘lgan xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga keng mandat berish taklif qilingan. Biroq tinchlikparvar kuchlar tarkibi hozircha ochiqlanmagan.
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov esa Isroil va HAMAS tomonidan reja shartlari buzilayotgani haqidagi bayonotlarni hisobga olgan holda, ushbu tinchlik tashabbusining keyingi amalga oshirilishi so‘roq ostida qolayotganini ta’kidladi.
Tramp Toqayevni G‘azo bo‘yicha tinchlik kengashiga taklif qildi