3 yilda 6,86 mln kishi: Xitoyda aholi kamayishi rekordi yangiladi — sabablar va statistika

Mamlakat statistika burosiga ko‘ra, Xitoy aholisi kamayib bormoqda: 2023-yilda u 2,08 millionga, 2024-yilda 1,39 millionga, 2025-yilda esa rekord darajada — 3,39 million kishiga qisqargan
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Xitoy davlat statistika burosi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi 2025-yil oxirida 3,39 million kishiga kamayib, 1,404 milliard nafarni tashkil etdi.
Ma’lum qilinishicha, hisob-kitoblarda Gonkong, Makao va Tayvan rezidentlari inobatga olinmagan.
Tug‘ilish koeffitsiyenti 5,63 promilleni tashkil etdi, ya’ni yil davomida har 1000 aholiga o‘rtacha 5,63 ta tug‘ilish to‘g‘ri keladi. O‘lim koeffitsiyenti esa 8,04 promille bo‘ldi.
Jinslar nisbatida erkaklar ayollardan 28,81 million nafarga ko‘p:
erkaklar —716,85 million,
ayollar — 688,04 million kishi.
Yosh tarkibiga ko‘ra:
16–59 yoshdagilar — 851,36 million (umumiy aholining 60,6 foizi),
60 yosh va undan kattalar — 323,38 million (23 foiz),
65 yoshdan yuqori aholi — 223,65 million (15,9 foiz).
Shaharlashuv jarayoni davom etmoqda:
2025 yilda shahar aholisi soni 953,8 million kishiga yetdi va bir yilda 10,3 millionga oshdi. Qishloq aholisi esa 13,69 millionga kamaydi. Natijada shahar aholisi ulushi 67,89 foizni tashkil qildi.
Ekspertlarga ko‘ra, XXR aholining qarishi va gender nomutanosibligi kabi jiddiy demografik muammolarga duch kelmoqda. Bu holatga 1970-yillar oxirida joriy etilgan "bir oila — bir bola" siyosati ham ta’sir ko‘rsatgan.
Nikohlar soni ham izchil kamaymoqda: 2022-yilda mamlakatda atigi 6,8 million juftlik nikohdan o‘tgan — bu 37-yil ichidagi eng past ko‘rsatkich.
So‘nggi yillarda hukumat tug‘ilishni rag‘batlantirishga harakat qilmoqda. Avval ikkinchi, keyin esa uchinchi farzand ko‘rishga ruxsat berildi, shuningdek, bolalar soniga oid jarimalar bekor qilindi. Ammo bu choralar hozircha aholi kamayishini to‘xtatgani yo‘q, chunki kam farzandli oila modeli Xitoy jamiyatida odatiy hayot tarziga aylanib ulgurgan.
O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshdi