TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. 17 yanvar kuni soat 07:00 atrofida Navoiy viloyati Tomdi tumanida, “Tomdibuloq” OFY hududidan o‘tgan yo‘lda avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, A-379 “Navoiy–Uchquduq” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 189–190-kilometrlari oralig‘ida “ZHONG TONG BUS” rusumli avtobus “Navoiy–Zarafshon” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada avtobus yo‘lning qarama-qarshi tomoniga ag‘darilib, YTH sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan va ular Zarafshon shahri tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.