TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy burosi a’zosi - tashqi ishlar vaziri Van I bilan telefon muloqoti o‘tkazdi. Bu haqda Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanali orqali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy hamda xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, Van I ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot va savdo, madaniyat hamda submilliy darajadagi almashinuvlar sohalarida hamkorlik barqaror sur’atlarda kengayib borayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Van I 2026-yil boshidan buyon xalqaro vaziyat tobora notinch tus olayotganini, urush soyasi paydo bo‘layotgani, ayrim holatlarda bir tomonlama bezorilik kuchayib borayotganini qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, bunday sharoitda Xitoy va O‘zbekiston strategik muvofiqlashtirishni kuchaytirishi va strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi zarur.
Bayonotda aytilishicha, ikki tomon o‘z ishlarini puxta yo‘lga qo‘yish, asosiy manfaatlarni himoya qilishda bir-birini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratishi lozim.
Shuningdek, Xitoy TIV bayonotida tomonlar xalqaro va mintaqaviy masalalarda yaqin hamkorlik qilishi, kuchlilar kuchsizlarni o‘lja qiladigan “changalzor qonuni”ga qarshi turishi, xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy meyorlarni qo‘llab-quvvatlashi, BMTning yetakchi rolini himoya qilishi, xalqaro adolatni ta’minlash hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani ta’kidlangan.
Van I joriy yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik o‘rnatilganining 10-yilligi nishonlanishini eslatib, tomonlar yaqin o‘n yillikda ikki tomonlama munosabatlarni birgalikda loyihalashtirish va izchil rivojlantirishlari kerakligini bildirgan.