Prezident elchilarga fuqarolarni xorijda yuqori daromadli ish bilan ta’minlashni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektorda elchilarga fuqarolarni xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda asosiy ustuvor vazifa sifatida fuqarolarni xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi belgilandi.

Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya va Saudiya Arabistonidagi elchilarning bu boradagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi.
Mutasaddilarga Nordik davlatlar bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda quyidagilar ta’kidlandi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi:
AQShda qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun viza olish tartibi soddalashtirilgan;
elchiga O‘zbekistonni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borish topshirildi.
Konsullik faoliyati:
xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolar masalasi jiddiy tashvish ekani qayd etildi;
elchi va konsullar har bir holat bo‘yicha yuridik yordam ko‘rsatishi shartligi ta’kidlandi;
konsullik hisobiga qo‘yish tartibini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi;
og‘ir vaziyatga tushgan fuqarolar uchun bepul koll-markaz tashkil etish topshirildi.
Tashqi siyosat va diplomatiya:
O‘zbekiston 2027–2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi;
2035–2036 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodlik ilgari surilmoqda;
oliy darajadagi tashriflarga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rish talab etildi;
Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada bilan aloqalarni jonlantirish zarurligi ko‘rsatildi.
Kadrlar va axborot siyosati:
diplomat kadrlarni qayta tayyorlash va zaxira yaratish;
“Dunyo” axborot agentligi faoliyatini kuchaytirish;
xalqaro media orqali O‘zbekiston imijini tizimli targ‘ib qilish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar bilan bevosita ishlashi shartligi qat’iy ta’kidlandi.
Eksport, investitsiya va grantlar: prezident elchilarga aniq topshiriqlar berdi