TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Toshkentda yo‘l harakatini samarali tashkil etish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida qator manzillarda o‘rganish va tahlil ishlari o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ishlar Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev boshchiligida amalga oshirilgan.
Hususan, Zargar va Botir Zokirov ko‘chalari kesishmasida joylashgan “Paxtakor” transport o‘tish bog‘lamasida jamoat transporti, xususan avtobuslarning bog‘lamaga kirishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Natijada jamoat transport yo‘nalishlari soni 11 taga yetkazilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Abdulla Qodiriy – Abay hamda Sharof Rashidov – Osiyo ko‘chalari kesishmalarida ham tahlil ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, Ziyolilar va Kichik halqa yo‘li kesishmasida, shuningdek Abdulla Qodiriy – Mahtumquli ko‘chalarida harakatni optimallashtirish va yo‘l belgilarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Avliyo ota va Fidokor ko‘chalarida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida transport vositalari uchun bir tomonlama harakat tizimini joriy etish masalasi ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Seoul Mun atrofida transport harakatini tartibga solish, jumladan yo‘l bo‘yi turargohlar (parkovkalar)ni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.